Birinchi oy bepul! Hoziroq ishni boshlash.
Keeping logo Keeping
Bosh sahifaga qaytish

KEEPING.UZ AXBOROT TIZIMIDAN FOYDALANISH HUQUQINI BERISH TO'G'RISIDA LITSENZIYA SHARTNOMASI — OMMAVIY OFERTASI

Toshkent sh., 2024 yil "23" yanvardagi tahriri


Ushbu Litsenziya shartnomasi (keyingi o'rinlarda "Shartnoma" yoki "Oferta" deb yuritiladi) "REALSOFT" MChJning (bundan keyin Litsenziar deb yuritiladi) foydalanuvchiga, bundan keyin Litsenziat yoki Foydalanuvchi deb yuritiladi, ofertasi hisoblanadi. Ushbu Shartnoma Litsenziat tomonidan aksept qilingan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

Ushbu taklif O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 369-moddasi 2-qismiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi.

1. ATAMALAR VA TA'RIFLAR

1.1. Dastur yoki dasturiy mahsulot – mutlaq huquqi litsenziarga tegishli bo'lgan, internet tarmog'ining www.keeping.uz manzilida joylashgan "keeping.uz" dasturiy ta'minoti tashkilotning buxgalteriya hisobini yuritish uchun mo'ljallangan va buxgalteriyani yuritish uchun kerak bo'lgan boshqa funksionallarga ega dasturiy ta'minot.

1.2. Elektron raqamli imzo (ERI) – yopiq kalitidan foydalangan holda elektron hujjatdagi axborotni maxsus o'zgartirish natijasida hosil qilingan hamda ochiq kalit yordamida elektron hujjatdagi axborotda o'zgarish yo'qligini aniqlash va yopiq kalit egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo.

1.3. Dasturni yangilash – Serverda o'rnatilgan dasturni va/yoki uning komponentlarini o'zgartiradigan, almashtiradigan va/yoki to'ldiruvchi dasturiy ta'minot. Dasturning barcha yangilanishlari uning ajralmas qismidir.

1.4. Litsenziar – Litsenziat bilan dasturdan foydalanish huquqini (oddiy (nomutlaq) litsenziya) berish to'g'risida shartnoma tuzgan yuridik shaxs.

1.5. Litsenziat/Foydalanuvchi – Litsenziar bilan ushbu shartnomada ko'rsatilgan shartlar bo'yicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs.

1.6. Litsenziya – Litsenziar boshqa shaxslarga litsenziyalar berish huquqini saqlab qolgan holda, (oddiy nomutlaq) litsenziya shartlariga ko'ra, Shartnomada belgilangan hajmda va chegaralarda Dasturdan foydalanish huquqi.

1.7. Litsenziyaning amal qilish muddati – litsenziatga Litsenziyadan foydalanish huquqi berilgan davr.

1.8. Oddiy nomutlaq litsenziya – Dastur nusxasidan O'zbekiston Respublikasi hududida o'z ehtiyoji uchun Litsenziar tomonidan belgilangan nom ostida, o'zgartirish yoki boshqa qayta ishlash huquqisiz, tarqatish huquqisiz foydalanishning mutlaq bo'lmagan huquqi, shuningdek Litsenziar undan foydalanish huquqini va boshqa shaxslarga Litsenziya berish huquqini saqlab qoladi.

1.9. Hisob-kitob davri – bir kalendar yiliga teng vaqt davri.

1.10. Server – Dasturni o'rnatish uchun jismoniy server, uning parametrlari tomonlar tarafidan oldindan kelishilgan.

2. SHARTNOMA PREDMETI

2.1. Litsenziar mazkur Litsenziya shartnomasi bo'yicha Litsenziatga soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan dasturiy mahsulotdan foydalanish uchun ushbu shartnomada belgilangan tartibda oddiy nomutlaq litsenziya beradi.

3. OFERTANI TASDIQLASH (AKSEPTLASH)

3.1. Dasturdan foydalanish uchun mazkur Oferta shartlariga to'liq rozilik bildirilishi va qabul qilinishi lozim.

3.2. Axborot tizimining "Foydalanuvchilari/Litsenziatlari" ushbu Ofertani o'zlariga tegishli elektron raqamli imzo bilan imzolashi foydalanuvchining ushbu Oferta shartlariga to'liq roziligini (aksept qilinganini) bildiradi.

3.3. Bunda ushbu ofertani aksept qilishga tegishli vakolatga ega bo'lmasdan mazkur ofertani aksept qilgan davlat buyurtmachilari tegishli organlar oldida mustaqil javobgar bo'ladilar.

4. DASTURDAN FOYDALANISH HUQUQINI BERISH SHARTLARI

4.1. Foydalanuvchiga www.keeping.uz dasturidan foydalanish imkoniyati quyidagilarni amalga oshirgandan keyin beriladi:

4.1.1. Foydalanuvchining elektron raqamli imzosi yordamida ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi sifatida avtorizatsiyadan so'ng, shuningdek,

4.1.2. Dasturdan foydalanish uchun to'lovni amalga oshirgandan so'ng.

4.2. Foydalanuvchi Shartnoma bo'yicha o'z huquqlarini uchinchi shaxsga o'tkazishga haqli emas.

4.3. Foydalanuvchi www.keeping.uz veb-saytiga avtorizatsiya qilish uchun mo'ljallangan shaxsiy ro'yxatga olish ma'lumotlarini (ERI, login va parol) berish huquqiga ega emas va ushbu ma'lumotlarning xavfsizligi va maxfiyligini ta'minlash majburiyatini oladi. www.keeping.uz saytida foydalanuvchining ERIdan yoki login va paroldan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha operatsiyalar Foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanadi. Litsenziar foydalanuvchining ro'yxatdan o'tish ma'lumotlaridan uchinchi shaxslar ruxsatsiz foydalangani uchun javobgar bo'lmaydi.

4.4. Foydalanuvchi quyidagilar haqida xabardor qilingan va ularga roziligini bildiradi: Litsenziar o'z xohishiga ko'ra dasturning ma'lum bir funksionallaridan foydalanishda qo'shimcha cheklovlar o'rnatishi mumkinligi, dasturning ayrim funksionallari O'zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan Foydalanuvchilar uchun ishlamasligi. Litsenziar dasturdan har qanday noqonuniy maqsadlarda foydalanadigan yoki foydalanmoqchi bo'lgan litsenziatlarga, shuningdek, dasturni noqonuniy yo'l bilan olishga urinigan shaxslarga dasturdan foydalanishni taqiqlaydi.

4.5. Foydalanuvchi quyidagilar haqida xabardor qilingan va inobatga olishi lozim: dasturdan foydalanish huquqini berish jarayonida Foydalanuvchi ushbu dastur va boshqa axborot materiallari Litsenziarning mutlaq huquqi ekanligi va intellektual mulk huquqi va O'zbekiston Respublikasining boshqa tegishli qonun hujjatlari bilan himoyalanganligini hisobga olishi shart.

4.6. Agar dasturning muayyan funksionallaridan foydalanish shartlari mazmunidan boshqacha qoida kelib chiqmasa va www.keeping.uz veb-saytida ko'rsatilmagan bo'lsa, dastur Foydalanuvchilarga haftaning yetti kuni, shu jumladan dam olish va bayram kunlari ham kechayu kunduz foydalanilishi mumkin. Litsenziar texnologik sabablarga ko'ra (dasturiy ta'minot yoki apparat vositalarini yangilash va h.k.), shuningdek, ushbu Shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda barcha Foydalanuvchilar yoki alohida foydalanuvchilarga dasturdan foydalanishni to'xtatib qo'yish huquqiga ega.

4.7. O'zbekiston Respublikasining tegishli amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga asosan mazkur dasturiy ta'minot foydalanuvchilarini soliq solish ob'ektlari va soliq solish bilan bog'liq ob'ektlarga taalluqli buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa boshlang'ich hujjatlarini avtomatlashtirish yo'nalishlarida ishlab chiqilgan avtomatlashtirilgan hisobga olish o'lchov vositalari soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan holda qo'llanilishi haqida ogohlantiradi.

 

5. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

5.1. "Litsenziarning" huquqlari:

5.1.1. O'z xohishiga ko'ra va Litsenziat bilan kelishilmagan holda, Dasturga, shu jumladan uning funksional xususiyatlariga ta'sir qiluvchi o'zgartirishlar kiritish, shuningdek, Dasturni yangilash. Bunday holda, Dasturning ishlashi to'xtatilishi mumkin, bu haqda litsenziat Saytda tegishli ma'lumotlarni e'lon qilish orqali oldindan xabardor qilinadi.

5.1.2. Litsenziat oferta shartlarini buzgan taqdirda, dasturdan foydalanishni to'xtatib turish.

5.1.3. Litsenziatdan ushbu ofertada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishni talab qilish.

5.1.4. Litsenziar tomonidan Saytda joylashtirilgan ofertani, Tarif rejasini va oferta bilan bog'liq boshqa hujjatlarni ularning yangi versiyasini Saytda e'lon qilish orqali o'zgartirish. Bunda Litsenziar tomonidan Saytda joylashtirilgan ofertaning yangi tahriri, Tarif rejasi va ofertaga tegishli boshqa hujjatlar u Saytda joylashtirilgan (e'lon qilingan) kundan boshlab 2 (ikki) kalendar kuni o'tgandan keyin kuchga kiradi.

5.2. "Litsenziarning" majburiyatlari:

5.2.1. Shartnomada belgilangan tartibda Litsenziatga Dasturdan foydalanish imkoniyatini berish.

5.2.2. Litsenziatga dasturdan sutkasiga 24 soat foydalanish imkoniyatini berish, profilaktika ishlarini olib borish vaqti bundan mustasno.

5.2.3. Shartnoma bekor qilingan kundan boshlab 3 yil o'tguncha yoki Litsenziatdan bunday ma'lumotlarni yo'q qilish zarurligi to'g'risida bildirishnoma olguncha litsenziat tomonidan Dasturga kiritilgan ma'lumotlarning Serverda yaxlitligi va xavfsizligini ta'minlash.

5.2.4. Litsenziat tomonidan Dasturga kiritilgan barcha ma'lumotlarning uning Serverda bo'lish muddati davomida maxfiyligini ta'minlash.

5.2.5. Serverda profilaktika ishlari olib borilayotgani va/yoki Dasturdan foydalaniladigan veb-sayt faoliyati to'xtatilganligi haqidagi ma'lumotlarni www.keeping.uz manzilidagi Internet tarmog'ida (keyingi o'rinlarda "Sayt" deb yuritiladi) e'lon qilish.

5.3. "Litsenziatning" huquqlari:

5.3.1. Dasturni ishga tushirish va uning funksional imkoniyatlaridan foydalangan holda va Shartnomada berilgan huquqlar doirasida Dasturning funksional imkoniyatlariga muvofiq dasturdan faqat ofertada belgilangan maqsadlarda foydalanish. Ofertada aniq ko'rsatilmagan Dasturdan foydalanish huquqi va usuli Litsenziatga berilgan deb hisoblanmaydi.

5.3.2. Serverda dasturdan kechayu kunduz foydalanishni amalga oshirish, texnik xizmat ko'rsatish vaqti bundan mustasno.

5.3.3. Oferta bekor qilingandan so'ng, Litsenziatga dasturdan foydalanish paytida kiritilgan ma'lumotlarni berish to'g'risida so'rov yuborish va agar Litsenziat ushbu ofertaga muvofiq serverda saqlanayotgan ma'lumotlarni yo'q qilish to'g'risida xabarnoma yubormagan bo'lsa, ushbu ma'lumotlarning xavfsizligi litsenziar tomonidan ta'minlanadi.

5.3.4. Dasturning maqsadiga muvofiq faoliyat ko'rsatishi bilan bog'liq har qanday harakatlarni amalga oshirish, xususan:

  • Litsenziat tashkilotining xodimlariga Dasturda ishlash uchun ruxsat berish;

  • Dasturning ishlashi natijasida hosil bo'lgan ma'lumotlarga kirishni ta'minlash.

5.3.5. Dasturdan uni qayta sotish, ijaraga berish, modifikatsiyalash yoki uchinchi shaxslarga berish hollarini istisno qilgan holda foydalanish.

5.4. "Litsenziatning" majburiyatlari:

5.4.1. Dasturdan foydalanganlik uchun to'lovlarni o'z vaqtida va to'liq amalga oshirish;

5.4.2. Dasturni mazkur shartnomaga asosan belgilangan tartibda foydalanish uchun qabul qilish;

5.4.3. Mazkur ofertani to'g'ridan-to'g'ri imzolash uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tegishli vakolatlarga ega bo'lishi;

5.4.4. EHFning o'z vaqtida qabul qilib olinishini ta'minlash;

5.4.5. Dasturdan mustaqil ravishda foydalanish va litsenziarning yozma roziligisiz dasturdan foydalanish huquqlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, dasturni to'liq yoki qisman begonalashtirmaslik, ko'paytirmaslik, nusxa ko'chirmaslik, shu jumladan, Dasturni qismlarga ajratmaslik, Dasturning va/yoki Saytning boshlang'ich kodiga kirishga harakat qilmaslik / ishlab chiqarishga urinmaslik;

5.4.6. Litsenziarning oldindan yozma roziligisiz, Shartnoma bo'yicha huquq va/yoki majburiyatlarni to'liq yoki qisman uchinchi shaxslarga bermaslik;

5.4.7. Ushbu ommaviy oferta shartlariga va www.keeping.uz sayti qoidalariga qat'iy rioya qilish;

5.4.8. Mazkur ofertada belgilangan tartibda e'lon qilingan litsenziarning rasmiy ma'lumotlari bilan mustaqil ravishda tanishib borish;

5.4.9. Dasturdan faqat ushbu ofertaning barcha shartlariga muvofiq foydalanish.

5.5. Litsenziat quyidagi huquqlarga ega emas:

5.5.1. Dasturdan nusxa olish;

5.5.2. Dasturni modifikatsiyalashtirish;

5.5.3. Dasturni tarqatish (nusxa ko'chirish), oshkor qilish;

5.5.4. Dastur yoki uning qismlari nusxalarini tarqatish va/yoki Dasturdan foydalanishdan uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda tijorat foyda olishga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish;

5.5.5. Uchinchi shaxslarga dastur yoki uning qismlaridan har qanday foydalanish uchun qo'shimcha litsenziya berish.

6. DASTURDAN FOYDALANISH NARXI VA TO'LOV TARTIBI

6.1. Dasturdan foydalanishning narxi www.keeping.uz veb-saytida (keyingi o'rinlarda – veb-sayt yuritilishi mumkin) ko'rsatilgan narxlarga muvofiq belgilanadi.

6.2. Bank o'tkazmasi orqali dasturdan foydalanganlik uchun to'lov Litsenziat tomonidan foydalanuvchi interfeysi orqali yaratilgan dasturdan foydalanganlik uchun elektron hisob-faktura asosida amalga oshiriladi.

6.3. Dasturdan foydalanganlik uchun to'lov Litsenziat tomonidan o'zbek so'mida amalga oshiriladi.

6.4. Litsenziat dasturdan foydalanganlik uchun haq to'lashda foydalanilgan rekvizitlarning to'g'riligini tekshirishi shart. Litsenziar bank rekvizitlari o'zgargan taqdirda, yangi rekvizitlar www.keeping.uz saytida e'lon qilingan paytdan boshlab, Litsenziat eskirgan rekvizitlardan foydalangan holda amalga oshirilgan to'lovlar uchun mustaqil ravishda javobgar bo'ladi.

6.5. Oferta maqsadlari uchun dasturdan foydalanish uchun to'lov keeping.uz veb-saytining "To'lov usullari" bo'limida keltirilgan usullardan foydalangan holda qabul qilinadi. Dasturdan foydalanish uchun to'lov usulini/shaklini tanlash va qo'llash Litsenziat tomonidan O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Litsenziar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

6.6. Litsenziatning litsenziya to'lovini to'lash bo'yicha majburiyatlari pul mablag'lari litsenziarning bank hisobvarag'iga kelib tushgan paytdan boshlab bajarilgan hisoblanadi.

7. FORS-MAJOR

7.1. Tomonlarning xohish-irodasiga bog'liq bo'lmagan sabablar, jumladan tabiiy ofatlar, zilzilalar, toshqinlar, bo'ronlar, yong'inlar yoki baxtsiz hodisalar, ommaviy tartibsizlik, jangovar harakatlar va/yoki ularning tahdidi, qonunosti hujjatlari va qonunosti hujjatlarida cheklovlar, taqiqlari yoki hukumatning boshqa har qanday choralari yoki mazkur Shartnoma imzolangandan keyin paydo bo'lgan Tomonlarning nazorati ostida bo'lmagan boshqa holatlar natijasida ushbu Shartnoma bo'yicha majburiyatlarni qisman yoki to'liq bajarmaganlik uchun tomonlar bir-birlari uchun javobgar hisoblanmaydilar.

7.2. Fors-major holatlari yuzaga kelganligi sababli o'z majburiyatlarini bajara olmaydigan Tomon uch kun ichida boshqa Tomonni mavjud aloqa vositalar (telefon, faks, elektron pochta va boshqalar) orqali bunday holatlarning yuzaga kelishi va tugatilishi to'g'risida xabardor qilishi shart.

7.3. Mazkur Shartnomaning 6.2-bandiga muvofiq fors-major holatlari to'g'risida xabar bermaslik yoki o'z vaqtida xabardor qilmaslik tegishli Tomonni majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik uchun asos sifatida ko'rsatish huquqidan mahrum qiladi. Fors-major holatlari yuzaga kelishining ishonchliligi vakolatli organ yoki tashkilotning tegishli hujjati bilan tasdiqlanishi kerak.

7.4. Fors-major holatlari va ularning oqibatlari 10 (o'n) kalendar kundan ortiq davom etsa, Tomonlar Shartnomani bajarishning ikkala Tomon uchun maqbul bo'lgan muqobil usullarini aniqlash va tegishli kelishuvga erishish uchun imkon qadar qisqa vaqt ichida muzokaralar olib boradilar. Agar bu holatlar bir oydan ortiq davom etsa, ikkala tomon ham Shartnomani bekor qilishi mumkin. Bunda Shartnoma majburiyatlarining bajarilmagan qismida to'xtatiladi va Taraflar majburiyatlarining bajarilgan va bajarilmagan qismi bo'yicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshiradilar.

8. KORRUPSIYAGA QARSHI SHARTLAR

8.1. Mazkur shartlar Tomonlar, ularning affillangan shaxslari va ishchilarining biznesni ochiq va halol yuritish tamoyillariga sodiqligini aks ettiradi, ko'rsatilgan shaxslarning korrupsiyaviy faoliyatga aralashish xatarlarini minimallashtirishga, shuningdek Tomonlarning ishbilarmonlik obro'sini yuqori darajada saqlashga qaratilgan.

8.2. Tomonlar mazkur Shartnomani bajarishda quyidagi harakatlarni amalga oshirmaslikni ta'minlash majburiyatini oladi: rag'batlantiruvchi Tarafning foydasiga biron-bir harakatlarni amalga oshirilishini (oqlanmagan ustunlik berish, biron-bir kafolatlar taqdim qilish, tegishli tartib-taomillarni tezlashtirish va h.) ta'minlash maqsadida boshqa Taraf ishchilariga, pul vositalari to'lash yoki to'lashni taklif qilish, yoki boshqa qimmatliklarni taqdim qilish, ishlar (xizmatlar)ni bepul bajarish va h.; korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonunchilikni buzuvchi, shu jumladan tijoratda pora evaziga og'dirib olish hamda biznesni yuritishning qonunga xilof va g'ayrihuquqiy boshqa harakatlar.

8.3. Bir Taraf korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonunchilikni buzganda, boshqa Taraf shartnomani bekor qilish haqida yozma xabarnoma jo'natgan holda Shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega. Mazkur shartlar qoidalari asosida Shartnomani bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan Taraf, Shartnomani bekor qilish natijasida vujudga kelgan haqiqiy zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

9. MAXFIYLIK

9.1. Tomonlar mazkur Shartnomani bajarish jarayonida o'zlariga tegishli bo'lgan ma'lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatini oladilar. Mazkur Shartnoma bo'yicha maxfiy ma'lumotlar deb, ommaviy ochiq bo'lmagan oshkor etilishi amaldagi qonunchilik bilan maxsus himoyalangan ma'lumotlarni anglatadi, ularning oshkor etilishi yo'qotishlarga olib kelishi va/yoki har qaysi Tomon ishchanlik obro'yiga putur yetkazishi mumkin bo'lgan ma'lumotlar tushuniladi, xususan:

  • jismoniy shaxslarning shaxsiga doir olingan ma'lumotlari;

  • Tomonlar o'rtasida o'zaro axborot va texnologik hamkorlikning o'ziga xos xususiyatlari to'g'risidagi ma'lumotlar;

  • Tomonlar mazkur Shartnomaning bajarish uchun foydalanadigan dasturiy ta'minot va uskunalar haqida texnik ma'lumotlar;

  • tijorat va bank siri hisoblanadigan ma'lumotlar;

  • Tomonlarning tarif siyosati va mazkur Shartnomaning moliyaviy shartlari to'g'risidagi ma'lumotlar.

9.2. Mazkur Shartnomani tuzish va Shartnoma predmeti maxfiy ma'lumot hisoblanmaydi.

9.3. Tomonlar mazkur Shartnomaning 9.1-bandida ko'rsatilgan ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik majburiyatini oladilar, ushbu Shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarish uchun Tomonlar nomidan ma'lumot olish va uzatishga vakolatli etib belgilangan vakolatli shaxslar bundan mustasno.

9.4. Ma'lumotlar qabul qiluvchi Tomon maxfiy ma'lumotlar yoki uning biror bir qismini oshkor qilish uchun javobgar hisoblanmaydi, agar bunday maxfiy ma'lumotlar:

  • qabul qilingan paytda ommaga ma'lum (umummalum) bo'lgan yoki qabul qiluvchi Tomonning aybisiz ommaga ma'lum (umummalum) qilingan bo'lsa;

  • qabul qilishdan oldin oluvchi Tomonga ma'lum yoki uning tasarrufida bo'lgan bo'lsa;

  • qabul qiluvchi Tomonga oshkor qiluvchi Tomon aloqador bo'lmagan boshqa manbadan ma'lum bo'lsa.

9.5. Shartnomaning 9.3-bandida ko'rsatilgan shartlardan tashqari, 9.1-bandida ko'rsatilgan ma'lumotlar uchinchi shaxslarga, faqat O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda berilishi mumkin.

9.6. Agar qabul qiluvchi Tomon qonunchilikda maxfiy va shu jumladan tarmoq sozlamalari haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilishni talab qilishga vakolat berilgan davlat organlariga maxfiy ma'lumotlarni oshkor etishi shart bo'lsa, bunda ikkinchi Tomonni darhol yozma ravishda xabardor qiladi. Shu bilan birga, oshkor qiluvchi Tomon tegishli ravishda ikkinchi Tomonni xabardor qilgan taqdirda, ushbu bandga muvofiq maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyatini buzgan deb hisoblanmaydi.

9.7. Mazkur Shartnomaning amal qilishi bekor qilingan taqdirda, Tomonlar ushbu Shartnomaning 9.1-bandida ko'rsatilgan ma'lumotlarni ushbu Shartnoma bekor qilingan kundan boshlab 5 (besh) yil davomida o'z manfaatlarini va/yoki uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko'zlab foydalanmaslik va oshkor etmaslik majburiyatini oladilar.

9.8. Agar Tomonlarning mazkur Shartnoma doirasida birgalikdagi faoliyati ochiq manbalarda (shu jumladan rasmiy veb-saytlarda yoki ommaviy axborot vositalarida) ma'lumotlarni (maqolalarni) e'lon etish uchun asos bo'lsa, Tomonlar maqolani e'lon qilishdan oldin matn va materiallarini kelishib olishlari shart.

10. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI

10.1. Ushbu Shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Tomonlar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo'ladilar.

10.2. Litsenziat dasturdan foydalanish uchun berilgan huquqlardan o'z tavakkalchiligi ostida foydalanadi. Litsenziar dasturdan foydalanish maqsadiga muvofiqligi uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olmaydi.

10.3. Litsenziat hech qanday dasturiy ta'minot xatodan xoli emasligini tan oladi.

10.4. Litsenziar quyidagi holatlarda javobgar hisoblanmaydi:

  • Litsenziatning Dasturdan foydalanish uchun olgan huquqlaridan maqsadsiz foydalanish bilan bog'liq harakatlari uchun;

  • Dasturdan foydalanishi uchun zarur bo'lgan ma'lumotlarining yo'qolishi va/yoki oshkor etilishi natijasida Litsenziatga yetkazilgan zarar uchun, agar bunday zarar dasturning ishlashidagi xatolar tufayli yuzaga kelmasa;

  • Dastur bilan ishlash uchun zarur bo'lgan xizmatlar sifati (xususan, ma'lumotlarni uzatish xizmatlari), agar ular litsenziar ishtirok etmagan uchinchi shaxslar tomonidan tashkil etilgan bo'lsa.

10.5. Litsenziat Dastur bilan ishlash uchun Litsenziat uchinchi shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan va taqdim etilgan dasturiy ta'minot (veb-brauzerlar, operatsion tizimlar va boshqalar) va jihozlar (shaxsiy kompyuterlar, tarmoq uskunalari va boshqalar)dan foydalanishi kerakligini tan oladi va Litsenziar ularni ishlashi va sifati uchun javobgar bo'lishi mumkin emas.

10.6. Litsenziar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan tartibda litsenziat ma'lumotlarining asosiy axborot xavfsizligini ta'minlaydi.

10.7. Litsenziar ushbu shartnomaning butun amal qilish muddati davomida Litsenziat ma'lumotlarining zaxira nusxasini shakllantiradi va ma'lumotlarining arxivda saqlanishini ta'minlaydi. Ma'lumotlarni zaxira nusxasini shakllantirish har kalendar kuni amalga oshiriladi.

10.8. Ma'lumotlarning yo'qolishi Litsenziarning aybi bilan sodir bo'lsa, u imkon qadar ma'lumotlarni qayta tiklash bo'yicha barcha zarur choralarni ko'radi.

10.9. Agar ma'lumotlarning yo'qolishi litsenziatning xatti-harakatlari tufayli yuzaga kelgan bo'lsa, ma'lumotlarni qayta tiklash majburiyati Litsenziatga yuklatiladi. Har qanday holatda ham ma'lumotni tiklash faqat texnik jihatdan mumkin bo'lganda amalga oshiriladi.

11. SHARTNOMA MUDDATI VA BEKOR QILISH SHARTLARI

11.1. Ushbu Shartnoma Tomonlar o'rtasida imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi va tomonlar mazkur shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarini bajargunga qadar amal qiladi. Agar, Shartnomaning belgilangan amal qilish muddati tugaganidan so'ng, Tomonlar (byudjet tashkiloti bo'lgan Abonentga tatbiq etilmaydi va ular moliya yiliga imzolanadi) o'z shartlarini bajarishni davom ettirsa va Tomonlarning hech biri uning bekor qilinishini e'lon qilmagan bo'lsa, Shartnoma har bir keyingi yilga uzaytiriladi.

11.2. Mazkur Shartnomani bekor qilish Tomonlarning yozma ravishda rasmiylashtiriladigan alohida kelishuvi yoki ulardan birining tashabbusi bilan ushbu Shartnomada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.

11.3. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, saytda joylashtirilgan barcha ma'lumotlar, Litsenziatning shaxsiy ma'lumotlari va tegishli fayllar Litsenziarning axborot tashuvchilaridan va boshqa vositalaridan jismonan yo'q qilinadi.

11.4. Tomonlarning har biri istalgan vaqtda boshqa Tomonni 30 (o'ttiz) ish kuni oldin xabardor qilgan holda shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin. Shartnomani bir tomonlama bekor qilish to'g'risidagi xabar yozma ravishda yuboriladi.

12. SHAXSGA OID MA'LUMOTLAR

12.1. Litsenziar Litsenziatning shaxsga oid ma'lumotlarini (xususan: familiyasi, ismi, otasining ismi, ro'yxatdan o'tgan manzili, uning shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjatning raqami, ko'rsatilgan hujjatning berilgan sanasi va uni bergan organ, pochta manzili to'g'risidagi ma'lumotlar shu jumladan pochta indeksi, elektron pochta manzili, aloqa raqamlari)ni quyidagi maqsadlarda to'playdi va qayta ishlaydi:

  • Mazkur shartnoma shartlarini bajarish;

  • O'zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 iyuldagi "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi Qonuni talablariga rioya qilish.

12.2. Dasturga bo'lgan huquqni o'tkazishda Litsenziar Litsenziatdan ushbu Shartnoma shartlarini bajarish uchun Litsenziatning shaxsga oid ma'lumotlarini to'plash va qayta ishlashga roziligini oladi.

12.3. Litsenziat, o'z navbatida, Litsenziarga shaxsga oid ma'lumotlarni to'plash va qayta ishlashga rozilik beradi.

12.4. Shaxsga oid ma'lumotlarni to'plash va qayta ishlashda Litsenziat va Litsenziar ushbu Shartnomaning 8.1-bandida belgilanganidan tashqari boshqa maqsadlarni ko'zlamaydi.

12.5. Shaxsga oid ma'lumotlarga foydalanuvchining va/yoki Litsenziatning shaxsga oid ma'lumotlarini hisob-kitob (Buxgalteriya) qilishda mas'ul xodimlari va Litsenziarning texnik yordam xizmati ko'rsatishga mas'ul xodimlari kirish huquqiga ega bo'ladi.

12.6. Litsenziar quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • Foydalanuvchilar va/yoki Litsenziatning shaxsga oid ma'lumotlariga doir maxfiylikni saqlash;

  • Uchinchi shaxslar tomonidan foydalanuvchilarning va/yoki litsenziatning shaxsga oid ma'lumotlaridan ruxsatsiz foydalanishga urinishlarining oldini olish;

  • Foydalanuvchilar va/yoki Litsenziatning, kelib tushgan arizalar bo'yicha ishlarni bajarilishi bilan bevosita bog'liq bo'lmagan shaxslarning shaxsga oid ma'lumotlariga kirishni istisno qilish.

13. NIZOLARNI HAL QILISH

13.1. Tomonlarning mazkur Ofertada nazarda tutilmagan javobgarlik choralari O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.

13.2. Shartnomani bajarish yuzasidan tomonlar o'rtasida kelib chiqadigan nizolarni o'zaro kelishuv yo'li bilan hal qilish imkoni bo'lmaganda, amaldagi qonunchilik asosida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida hal etilishi mumkin.

LITSENZIARNING REKVIZITLARI

"REALSOFT" MChJ

Yuridik manzili: Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Mirzo Ulug'bek MFY, Kichik Halqa Yo'li ko'chasi, 38-uy.

STIR: 303465075

H/R: 20208000800510463010

MFO: 01095

Bank: ASIA ALLIANCE BANK Shayxontohur filiali

🍪

Cookie sozlamalari

Saytimizni yaxshilash uchun cookie-fayllardan foydalanamiz. Rozilik berganingizdan so'ng tahlil ma'lumotlari yig'iladi.

Cookie siyosati haqida batafsil